Bo‘stonliqda ilk marotaba “FEI Jumping Children`s Classic Final” musobaqasi o‘tkaziladi

Joriy yilning 17-21 aprel kunlari yurtimizda ot sporti bo‘yicha “FEI Jumping Children`s Classic Final” xalqaro bolalar kubogi final bosqichi bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqada Jismoniy tarbiya va sport vazirligining matbuot xizmati.

Musobaqa ot sporti bo‘yicha 15 yoshgacha bo‘lgan chavandozlar o‘rtasida o‘tkaziladigan eng nufuzli turnirlardan biri hisoblanib, ushbu sport turi bo‘yicha bunday saviyadagi musobaqa O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Allyur” ot sport bazasida o‘tkazilayotgan musobaqaga Germaniya, Braziliya, Irlandiya, Argentina, Meksika, Yangi Zelandiya, Janubiy Afrika kabi dunyoning 12 davlatidan hakamlar, yosh sportchilar va mehmonlar jami 80 nafarga yaqin xorijliklar tashrif buyurishadi.

Hakamlar hay’atiga frantsiyalik Patris Alvado rahbarlik qiladi.

Musobaqa qoidalariga ko‘ra mezbon davlatdan 4 nafar va har bir mamlakatdan oltin tur natijalariga ko‘ra, o‘z "FEI" guruhida eng yaxshi 10 talikka kira olgan sportchilardan 2 nafarining ishtirok etishiga ruxsat etiladi. Shunday qilib, g‘alaba uchun 12-14 yoshdagi 20 nafar yosh chavandozlar bahsga kirishadilar.

So‘ngi paytlarda yurtimizda ot sportini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor va shu kabi nufuzli turnirlarga mezbonlik qilish – yosh chavandozlarimiz mahoratini oshirishga, elitaga kirish imkoniyati, yaxshi imidj, obro‘, investitsiya va turistik jihatdan jozibadorlikni yaratishga xizmat qiladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!